Loyiha haqida

Ushbu loyiha bir guruh ko‘ngilli blogerlar tomonidan tashkil etilgan.

Ushbu loyihadan maqsad rasmiy statistikaga parallel ravishda muqobil, xalqona statistikani shakllantirishdir. Albatta, bizning statistika ham mutloq haqiqat daʼvosidan yiroq. Biroq u haqiqiy ahvolni ko‘rsatish uchun qo‘shimcha maʼlumot bazasi vazifasini o‘tashi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, koronavirus ofati ko‘lamini aniq baholash va keyingi qadamlarni shunga qarab qo‘yish uchun yordam beradi degan umiddamiz. Qolaversa, oramizda koronavirus xavfini haliyam yetarlicha anglamayotganlar ko‘plab topiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus tufayli vafot etgan insonlar haqida rasmiy maʼlumotlar to‘liq berilmayotgani, ko‘pchilik marhumlar Sog‘liqni saqlash vazirligining statistikasida qayd etilmayotgani haqida ko‘plab murojaatlar paydo bo‘lgach, mazkur loyihani amalga oshirish g‘oyasi paydo bo‘lgan edi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 17 iyulda bo‘lib o‘tgan videoselektorlardan birida koronavirusga qarshi kurashishda aniq raqamlar bo‘lishi juda muhimligiga alohida to‘xtalgan edi. O‘shanda bu borada eng katta masʼuliyat hokimlar va sektorlar rahbarlari zimmasida ekani yana bir bor eslatib o‘tilgandi. Buning uchun ularda o‘z hududlaridagi mavjud vaziyat haqida to‘liq va haqqoniy maʼlumotlar bo‘lishi, ular har kuni, har soatda yangilanib borishi kerakligi taʼkidlangandi.

– Qo‘limizda aniq maʼlumot, asoslangan tahliliy materiallar yo‘qligi tufayli qabul qilgan qarorlarimiz kutilgan natijani bermayapti, – degandi Shavkat Mirziyoyev. – Afsuski, biz ko‘pincha mana shu masalalarda oqsayapmiz. Bu masalada qanday yordam zarur bo‘lsa, marhamat, aytinglar, barchasini hal qilamiz. Chunki maqsad bitta: tezroq bu balodan qutulib, iqtisodiyotimizni, ijtimoiy hayotimizni to‘liq tiklab olishimiz kerak.

Mazkur sayt istalgan shaxs koronavirus infeksiyasi yuqtirishi natijasida vafot etgan qarindoshlari, qo‘ni-qo‘shnisi, hamkasblari yoki boshqa do‘stu tanishlari haqida maʼlumot yuborishi mumkin. Yuborilgan maʼlumotlar moderatorlar tomonidan qisqa tekshiruvdan o‘tadi va keyinchalik saytga joylashtiriladi. Qancha ishonchli va batafsil maʼlumot yuborilsa, tekshirish shuncha osonroq bo‘ladi.

Shuningdek, mabodo saytda xato maʼlumot chiqib ketsa, istalgan shaxs bu haqda qo‘shimcha maʼlumot yuborishi va xatoni to‘g‘rilashga yordam berishi mumkin.